OʻzLiDeP fraksiyasi “maʼmuriy jazo choralari tizimini toʻliqlashtirish, huquqbuzarlikka toʻgʻri va xolis yondashishga xizmat qiladigan normalarni kiritish“ga qaratilgan hujjatni konseptual jihatdan maʼqulladi.
Loyihaga koʻra, yoʻl harakati qoidabuzarligi foto va video qayd etish tizimlari yordamida qayd etilgan hollarda buning uchun aynan kim javobgar ekani aniq belgilanadi.
Bundan tashqari, birinchi huquqbuzarlik uchun jarima oʻrniga “huquqbuzarlik ogʻir boʻlmagan hollarda fuqarolarga nisbatan yumshoqroq yondashish” imkonini beruvchi maʼmuriy ogohlantirish qoʻllash taklif qilinmoqda.
“Maʼmuriy ogohlantirish”ning alohida jazo turi sifatida joriy etilishi, fraksiya aʼzolarining fikricha, fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlarining tarbiyaviy funksiyasini ham kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Milliy tiklanish” partiyasiga koʻra, gap ijtimoiy xavflilik darajasi past boʻlgan huquqbuzarliklar haqida bormoqda. Jumladan, harakat vaqtida telefon yoki monitordan foydalanish, toʻxtash va toʻxtab turish qoidalarini buzish, majburiy sugʻurtaning yoʻqligi, shuningdek, piyodalar va yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar.
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari, ayniqsa, jarimalarning belgilangan muddatda yuborilmasligi orqali fuqarolarga bir necha oy oʻtib javobgarlik yuklash holatlarini keskin tanqid qildi. Kodeksning 36-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar aynan shunday holatlarni bartaraf etish, jarimalar qonuniy muddatda yuborilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, fraksiya yigʻilishida maʼmuriy jazolar turlariga “maʼmuriy ogohlantirish”ni alohida tartib sifatida kiritish fuqarolar manfaati uchun toʻgʻri va adolatli qadam ekani qayd etildi. Bu orqali fuqarolarning huquqiy ongi oshishi bilan birga, jazoning tarbiyaviy jihati ham kuchayadi.
Fraksiya aʼzosi Ruslan Sobirov loyihaning ahamiyatiga toʻxtalar ekan, ushbu hujjat avtomobillardan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, sohada fuqarolarni qiynab kelayotgan ayrim muammolarning bartaraf etilishiga qaratilganini qayd etib, uni qoʻllab-quvvatlash lozimligini bildirdi.
Yigʻilishda fraksiya aʼzolari loyiha qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qilishini taʼkidlab, uni konseptual jihatdan qoʻllab-quvvatladi hamda koʻtarilgan fikr-mulohazalar asosida yanada maromiga yetkazish boʻyicha takliflar berdi.









