Haydovchilarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasini litsenziyalash IIVga oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 28 Dekabr 2022 1548

    Qonun bilan haydovchilarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni litsenziyalash uchun toʻlanadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida belgilanyapti.

    Senatning oʻttiz oltinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Ushbu huquqiy hujjatni koʻrib chiqish jarayonida senatorlar yoʻllarimizda sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalari jamiyatimizni xavotirga solayotganini qayd etib, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularning oldini olishda tegishli masʼul xodimlarning masʼuliyatini yanada oshirilishi lozimligini taʼkidladi.

    Shu bilan birga, oʻrganishlar koʻrsatganidek, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida ham mavjud boʻlgan kamchiliklar avtomobil yoʻllarida turli qoidabuzarliklar va oʻlim bilan tugayotgan yoʻl-transport hodisalarining sodir etilishiga sabab boʻlyapti.

    Qonunga koʻra avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash boʻyicha faoliyatni, shuningdek avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish yuzasidan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni litsenziyalash boʻyicha vakolatli organ maqomi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga oʻtkaziladi.

    Bundan tashqari, Qonun bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni litsenziyalash uchun toʻlanadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida belgilanyapti.

    Shuningdek, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.