Haydovchilarni tayyorlovchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi belgilandi

    Ta'lim 6 Iyul 2022 1531

    Hukumat qarori (353-son, 04.07.2022-y.) bilan Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, reyting baholash quyidagi koʻrsatkich (indikator)lar asosida amalga oshiriladi:

    taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihon natijalari;

    taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgandan keyin, yil yakunigacha yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik hollaridagi jarima ballari;

    yil yakunigacha qonuniy kuchga kirgan sud qaroriga asosan taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari aybi bilan sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari soni;

    taʼlim tashkilotlarida toʻliq shtatda faoliyat yuritadigan oliy maʼlumotga yoki ilmiy darajaga ega oʻqituvchilarning soni toʻgʻrisida maʼlumotlar.

    Taʼlim tashkilotlari reytingini baholash koʻrsatkich (indikator)lar asosida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati amalga oshiriladi.

    Taʼlim tashkilotlari reytingi quyidagicha toifalarga ajratiladi:

    ▫️81 balldan 100 ballgacha – “yashil”;
    ▫️51 balldan 80 ballgacha – “sariq”;
    ▫️50 balldan past – “qizil”.

    Reyting ball koʻrsatkichlari respublika boʻyicha yagona shaklda yuritiladi hamda yil yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida hisoblab chiqiladi.

    Reyting natijalari har yili 25-yanvarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinadi.

    Nizom 2022-yil 1-sentyabrdan eʼtiboran kuchga kiradi.