Haydovchilarning toʻxtab turish qoidalarini buzganligi uchun jarima miqdori qisqartirilmoqda

    Mamlakatimizda 19 Aprel 2021 808

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda Senatning oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi, deya xabar bermoqda OʻzA.

    Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni talab etmoqda.

    Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda Havo kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlarga asosan Eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

    Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzganligi uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan ikki baravariga qisqartirilmoqda.

    Majlisda bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

    Qayd etilishicha, ishchi guruh tomonidan 6 ming 140 gektar maydondagi 730 ta bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatining yer uchastkalari, bino-inshootlari hamda kadastr hujjatlari oʻrganilgan. Aniqlanishicha, 74 ming 82 ta dala-hovli mavjud boʻlib, shundan 37 ming 847 ta obyektda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, 19 ming 95 tasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

    Ishchi guruh tomonidan ayrim shirkatlar tugatilgani yoki aholi punktiga oʻtkazilgani, shirkatlarning yer ajratish toʻgʻrisidagi hujjatlari tahlil qilinganda, ular tomonidan ortiqcha yer maydonlari egallab olingani maʼlum boʻlgan. Shirkatlar hududidagi 11 mingga yaqin dala-hovlidan turar joy sifatida, 400 ga yaqinidan esa noturar joy sifatida hujjatsiz foydalanib kelinayotgani qayd etildi.

    Majlisda qishloq xoʻjaligida resurs tejovchi zamonaviy sugʻorish texnologiyalarni joriy etish boʻyicha belgilangan vazifalarning Navoiy viloyatida ijro etilishi boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi. Unga koʻra, ushbu hududda jami 947 ta fermer va qishloq xoʻjaligi korxonasida 5 ming 552 gektar mevali bogʻ tashkil etilgan. Shundan 4 ming 997 gektarini mahalliy bogʻlar va 1 ming 828 gektarini intensiv bogʻlar tashkil qiladi.

    500 ta fermer va qishloq xoʻjaligi korxonasidagi mavjud uzumzorlar 4 ming 749 gektarni tashkil qiladi. 2021-yil 1-yanvar holatida 277 ta xoʻjalikda 482,6 gektar yerda issiqxonalar tuproqda va gidroponika usulida tashkil qilingan. Ularda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan.

    Xalq deputatlari Uychi tuman Kengashining bir qator qarorlari qonunga muvofiqligini oʻrganish yuzasidan qoʻmita tomonidan olib borilgan oʻrganish natijalari ham majlisda koʻrib chiqildi.