Haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

    Ular fuqarolarning ishonchiga kirib tanishlari yordamida muayyan miqdordagi pulga oʻquv mashgʻulotlari va imtihonlarga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasi olib berishni vaʼda qilgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro E.A. fuqaro Z.K.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan oʻtkazib qoʻyish evaziga 900 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shu kabi, Departamentning Yangiariq tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.Oʻ. fuqaro M.B.ni goʻyoki viloyat IIBda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan oʻtkazib qoʻyish evaziga 500 AQSH dollari va 1,1 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Payariq tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro R.R. boshqa bir fuqaro E.E.ga 500 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida oʻquv mashgʻulotlari va imtihonlarga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasi olib berishini aytib, oldindan 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.