Haydovchilik guvohnomasi olish, 1 oylik harbiy xizmatni oʻtash xarajati byudjetdan qoplanadi

    Hukumat 13 Aprel 2021 5635

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yana-da kengaytirish va bandligini taʼminlash boʻyicha yangi mexanizmlarni joriy etish topshirigʻiga koʻra, 1-iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni oʻtash xarajatlari byudjetdan toʻlab beriladi.

    Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kirganlarga qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻqish xarajatining bir qismi qoplanadi.

    Shu bilan birga, 1-iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining 1 million soʻmgacha boʻlgan qismiga subsidiya beriladi.

    Bundan tashqari, yoshlarning professional taʼlim maktablari, texnikumlarda oʻqishi uchun toʻlanadigan kontrakt summasi daromad soligʻidan ozod qilinadi.

    Ushbu maqsadlar uchun Yoshlar agentligiga yil davomida qoʻshimcha 100 milliard soʻm ajratsin.