Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabariga koʻra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzaobod tuman boʻlimi tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.T. fuqaro A.S.ga goʻyoki IIBda ishlovchi tanishlari orqali hech qanday oʻquv mashgʻulotlariga qatnashmasdan “B”, “C” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 400 AQSH dollari va 400 ming soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departament hamda DXXning Amudaryo tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “A.P.” MCHJ avtomaktabi instruktori O.X. fuqaro Sh.U.ni haydovchilik guvohnomasini olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan tanishlari yordamida oʻtkazib qoʻyishi evaziga 400 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.