Haydovchisi "Uxlab qolgan" Captiva toʻxtab turgan Lacettiga borib urildi

    "Biz hech narsa chekmaganmiz, uxlab qolgan edik". Toshkentda Captiva va Lacetti ishtirokida YTH sodir boʻldi.

    Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 08-iyul kuni kech soat 20:30 larda Yunusobod tumani Amir Temur koʻchasida haydovchi 1998-yilda tugʻilgan B.R. Captiva rusumli avtomashinasini boshqarib kelayotib, toʻxtab turgan haydovchi 1987-yilda tugʻilgan Sh.Q. boshqaruvida boʻlgan Lacettiga toʻqnashdi.

    Hodisa oqibatida tan jarohat olganlar aniqlanmadi. Holat boʻyicha Toshkent shahar IIBB YHXB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Shuningdek YTH aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi. Xususan, odamlar avtohalokat sodir etganlarni narkotik modda isteʼmol qilganini taxmin qilgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, ular hech qanday narkotik modda yoki kuchli taʼsir qiluvchi dori isteʼmol qilmaganini aytgan. Ular, shunchaki, "uxlab qolgan"ini maʼlum qilgan.

    Hozirda holat yuzasidan ekspertiza tayinlangan.