Vatan taqdiriga daxldor ekanligini his qilib yashash va berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish har bir Oʻzbekiston farzandining muqaddas burchidir, deb bilaman.
Davlatimiz rahbari tomonidan Vatanimiz kelajagi boʻlgan yoshlar masalasiga ustuvor vazifa sifatida katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga, shuningdek, ularni yuksak maʼnaviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini oʻz zimmasiga olishga qodir avlod sifatida voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga barcha shart-sharoitlarni muhayyo etishga alohida eʼtibor qaratildi. 2021-yil –“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilindi.
Ushbu Murojaatnomada mamlakatimizni tenglar ichra teng qilish, yana-da rivojlantirish boʻyicha bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, yoshlarga eʼtibor yana bir katta oshdi. Xususan, Murojaatnomada bogʻcha yoshidagi har bir bolani maktabgacha taʼlim yoʻnalishi bilan toʻliq qamrab olish uchun zarur sharoit yaratish;
– Maktab taʼlimini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlarni jadal davom ettirish;
– Oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratish;
– Mamlakat taraqqiyotining zamini boʻlgan ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish;
– Yoshlar oʻrtasida bandlikni taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash;
– Ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Joriy yil 21-aprel sanasida qabul qilingan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori esa yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari, startap-loyihalari va amaliy tadqiqotlari natijalari roʻyobga chiqarilishiga koʻmaklashish, yosh tadbirkorlik subyektlarining sanoat va xizmat koʻrsatish sohalaridagi loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda katta turtki vazifasini bajaradi.
Qaror bilan 2023-yil 31-dekabrga qadar Yoshlar sanoat zonalari hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining taʼminoti bilan bogʻliq quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:
– tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tijorat banklarining kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 mln soʻmdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi;
– ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ziyod boʻlgan sugʻurta tashkilotlari tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 mln soʻmdan oshmagan miqdorda, yillik 2 foiz stavkasida sugʻurta polisini taqdim etiladi.
Bundan tashqari, Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon ham yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi navbatdagi dasturilamal hujjatlarning biri boʻldi.
Farmon bilan Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni doimiy ish bilan band qilish, qoʻshimcha daromad olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha 2021-yil 1-maydan boshlab 2023-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan toʻliq qaytarib beriladi. Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va oʻzini oʻzi band qilishga zarur boʻlgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, 2021-yil 1-iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha boʻlgan miqdori “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Barchamizga maʼlumki, xotin-qizlar bandligini taʼminlash ham ustuvor vazifalar qatorida turibdi. Prezidentimiz Faromni bilan bu boradagi ishlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. AT “Xalq banki”ning hududlarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni biznesga tayyorlash, maslahat berish va bandligini taʼminlash maqsadida “Yuz ming tadbirkor xotin-qizlar” loyihasini amalga oshirishi belgilab berildi. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, ixtisoslashuvi va boshqa xususiyatlarini inobatga olib, qiymati 33 million soʻmgacha boʻlgan tayyor biznes-rejalar bankini yaratish koʻzda tutilmoqda.
Oʻttiz yoshgacha boʻlgan xotin-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, mos yoʻnalishlar boʻyicha oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik kabi boshqa yoʻnalishlar malakali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va oʻquv treninglari tashkil etiladi. Natijada xotin-qizlar ham hunarli boʻlib, oʻzlarini oʻzlari ish bilan taʼminlaydilar.
Bugungi kunda Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan ham “Yoshlar” va “Ayollar daftari” roʻyxatida turuvchi yurtdoshlarimizni ish bilan taʼminlash, daromadlarini oshirishga koʻmaklashishga katta eʼtibor berilmoqda. Bunda Prezidentimiz tomonidan imzolanayotgan hayotbaxsh farmon va qarorlar dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Abror OTABOYEV,
Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi
Yoshlar masalalari boʻyicha rais maslahatchisi.