“Hayotiy davr shartnomasi” asosida ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Nizom mazkur shartnomalar asosida ishlash tartibi va yoʻnalishlari, shartnomalarni tuzish va ularning reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.
Maʼlumot uchun: poytaxtda ayrim obyektlar (toʻliq roʻyxat – shu yerda) negizida “Toshkent invest kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda – Kompaniya ) tomonidan qiymati 1 mln AQSH dollarigacha boʻlgan DXSH loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan. Kompaniyaga ayrim yoʻnalishlar boʻyicha (roʻyxat – bu yerda) obyekt (mahsulot)ni barpo etish (ishlab chiqish)dan boshlab foydalanishga topshirish va kelgusida ekspluatatsiya qilish (qoʻllab-quvvatlash)gacha boʻlgan barcha jarayonlardagi ishlarni davlat xaridlari doirasida “Hayotiy davr shartnomasi” asosida bitta tadbirkor bilan hamkorlikda amalga oshirishga ruxsat etilgan.
“Hayotiy davr shartnomasi” quyidagi yoʻnalishlarda tuziladi:
- avtomobil yoʻllari, shu jumladan, yoʻlboʻyi infratuzilmasi obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ularni saqlash;
- kommunal xoʻjaligi sohasidagi obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ularni saqlash;
- ijtimoiy soha obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, jihozlash va ularni saqlash;
- dasturiy taʼminotlarni loyihalashtirish, ishlab chiqish, ishga tushirish va kelgusida qoʻllab-quvvatlash.
Tegishli davlat organi (tashabbuskor) Kompaniyaga “Hayotiy davr shartnomasi” aosida loyihani amalga oshirish haqida buyurtmani taqdim etadi.
Kompaniya tomonidan loyihani tasdiqlash haqida qaror qabul qilinib, amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli roʻyxati shakllantiriladi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq ijrochilar tanlanib shartnomalar imzolanidi.
Shartnomalar roʻyxati maxsus portalda yuritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 07.03.2024-yildan kuchga kirdi.