Hazorasp temir yoʻl vokzali yangicha qiyofada foydalanishga topshirildi

    Bugun, 7-dekabr kuni Xorazm viloyatida “Hazorasp” temir yoʻl vokzali tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablarga muvofiq yangidan barpo etilgan mazkur vokzalning tantanali ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Raximov, Oʻzbekiston temiryoʻlchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Qutlimurat Sobirov, “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Sherali Yusupov, faxriy temiryoʻlchilar, nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Bu koʻrkam vokzal xorazmliklar uchun Konstitutsiyamizning 33-yilligi va yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayramiga munosib sovgʻasi boʻldi. Tadbirda hokim Joʻrabek Rahimov hamda Qutlimurat Sobirov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi va temiryoʻlchilarning tinmay amalga oshirgan mehnati tufayli bunyod etilgan ushbu zamonaviy vokzal yoʻlovchilar uchun katta qulaylik yaratishini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

    Tashrif buyurgan mehmonlar, faxriylar va yoʻlovchilar vokzalda barpo etilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, bu yerda yurtdoshlarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini eʼtirof etdilar va temiryoʻlchilarga minnatdorlik bildirdilar.

    Rekonstruksiya doirasida vokzalning asosiy binosida parda devorlari toʻliq yangilandi, ichki pol qoplamalari demontaj qilinib, zamonaviy materiallar bilan almashtirildi. Shift va tashqi fasad qismlarida gʻisht terish, suvoq ishlari amalga oshirildi, isitish tizimi tubdan yangilandi.

    Yoʻlovchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida kutish zali, ona-bola xonasi, alohida kirish yoʻlagi, chipta sotish (kassa) xonasi, yuqori darajada xizmat koʻrsatuvchi zal (VIP-zal) va personal xonalari zamon talablariga mos holda jihozlandi. Shuningdek, isitish va sovitish tizimlari oʻrnatilib, zamonaviy mebel va jihozlar bilan taʼminlandi.

    Rekonstruksiyadan soʻng “Hazorasp” temir yoʻl vokzali bir vaqtning oʻzida 200 nafar, bir kecha-kunduzda esa 1000 nafarga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Vokzal atrofida yashil maydonlar, gulzorlar, manzarali daraxtlar ekilib, ularni parvarishlash uchun zamonaviy sugʻorish tizimi oʻrnatildi.

    Zulxumor AKBAROVA