Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi

    Koʻhna kentda “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” shiori ostida mehr-muruvvat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Yordamga muhtojlarga koʻmaklashish, mehr va muruvvat koʻrsatish azaliy qadriyatlarimizdan biri sanaladi. Zero, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini kuchli himoya qilish loyihalariga alohida eʼtibor qaratilishida ham katta maʼno mujassam.

    Bu jarayon Samarqand viloyatida ham keng quloch yoymoqda. Shu maqsadda koʻhna kentda “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” shiori ostida mehr-muruvvat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Unda viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida 2021-2022-oʻquv yilida uyda yakka tartibda taʼlim oluvchi oʻquvchilar holidan xabar olinib, ularning oʻksik koʻngillari xushnud etilmoqda. Mazkur xayrli ishlarda “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi jamoasi faol ishtirok etishmoqda.

    Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqamasi boshligʻi D.Achilov rahbarligidagi ishchi guruhi aʼzolari Urgut tumanidagi “Qoldivoyjar” MFYda yashovchi 12-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Sarvara Akbaraliyeva holidan xabar olish maqsadida, u istiqomat qilayotgan xonadonda boʻldi.

    Unga qishki kiyim-bosh, oʻquv qurollari, maktab anjomlari va oziq-ovqat mahsulotlari tortiq etilib, xonadonning ijtimoiy muammolari oʻrganildi hamda ularni hal etish yuzasidan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

    Shuningdek, boshqarma boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruhi aʼzolari Urgut tumanidagi “Kenagas” MFYda yashovchi 13-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi Jaxongir Shomurodovning ham holidan xabar olishdi. Yosh havaskor rassomga maxsus doska, rangli boʻyoq hamda rasm chizish jamlanmasi hadya etildi.

    – Bunday mehr va eʼtibordan koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi. Men ancha vaqtdan beri rasm chizishni orzu qilardim. Lekin tegishli qoʻllanmalar, rasm chizish jamlanmasini xarid qilishga imkoniyatim yoʻq edi, – deydi Rustamjon Shomurodov. – Mana bugun agroinspeksiya xodimlari kelishib, menga orzu qilganlarimning barchasini sovgʻa qilishdi. Bundan boshim osmonga yetdi. Men singari, yakka tartibda, uyda taʼlim olayotgan oʻquvchilar ham eʼtibordan chetda qolmayotgani uchun, avvalambor, Prezidentimizga, hukumatimizga katta minnatdorchilik bildiraman. Katta boʻlsam, albatta zoʻr rassom boʻlaman.

    Eʼtiborli jihati shundaki, inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan bunday muruvvat tadbirlari davomli boʻlishi, uyda yakka tartibda taʼlim olayotgan bu ikki nafar oʻquvchiga doimiy koʻmak berilishi belgilandi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    axborot xizmati