баннер
27 Apr 2025
22:35

    Hilola Umarova: taʼlim-tarbiya kuch ishlatishdan holi boʻlishi lozim

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri ayrim tarbiyachilar tomonidan bolajonlarga nisbatan ishlatilgan qoʻpollik, tarbiyasizlik holatlariga munosabat bildirdi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova maktabgacha tizim masʼullari bilan muloqot qildi.

    Muloqotda markaziy va hududiy studiyalardan respublikamizdagi 38 mingdan ortiq davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Tadbirda tizimdagi qator muammolar sanab oʻtildi. Jumladan, xususiy bogʻchalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini jami tarbiyalanuvchilari soniga nisbatan 10 foiz miqdorida bepul qamrab olishga yetarli eʼtibor qaratilmayapti.

    Ayrimlarida esa bolalarning real sonini yashirish holatlari ham uchramoqda.

    Bu muammolarga tizimni raqamlashtirish jarayonini toʻla yakunlash orqali barham beriladi.

    Baʼzi oilaviy bogʻchalarda davlat byudjetidan ajratilgan subsidiya mablagʻlarini olish maqsadida davomatni sunʼiy oshirib koʻrsatish, sodda qilib aytganda, yaxshi maqsadda yaratib berilgan imkoniyatdan qingʻir yoʻl bilan foydalanish holatlari mavjud.

    Ayrim bogʻchalarda taʼlim va tarbiya jarayonlarida davlat oʻquv dasturlaridan chetga chiqish holatlari uchramoqda.

    "Kunora ijtimoiy tarmoqlarda bogʻchalarda ayrim tarbiyachilar tomonidan bolajonlarga nisbatan ishlatilgan qoʻpollik, tarbiyasizlik holatlari aks etgan videolavha va turli xabarlar tarqatilmoqda.
    Birgina oʻtgan yilning oʻzida ayni shu masalada vazirlikka yuzlab murojaatlar kelib tushgan. Oʻrganishlar natijasida 32 nafar rahbar va tarbiyachi lavozimidan ozod etildi, 3 nafari javobgarlikka tortildi, 15 nafariga intizomiy chora koʻrildi, 15 ta xususiy bogʻchaga berilgan litsenziya bekor qilindi.
    Har bir bolaning sogʻlom va barkamol voyaga yetishiga davlat kafil! Bu xususiymi, davlat va xususiy sheriklikmi yoki oilaviy bogʻcha boʻladimi, qonun talabi, tartiblar hamma uchun bir!
    Taʼlim-tarbiya kuch ishlatishdan holi boʻlishi lozim. Bolalarga nisbatan qoʻpollik qilgan yoki shafqatsizlarcha munosabatda boʻlgan tarbiyachi, pedagogga qonun doirasida chora koʻriladi. Uzr, ogohlantirishlar bilan qutilib qolish yoʻq, bu oʻrinda MTT rahbariyatining shaxsiy javobgarligini ham kuchaytiriladi. Buni tizimda ishlayotgan har bir rahbar, pedagog, tarbiyachi va yordamchi xodimlar birdek tushunishi, shu tartibga rioya etishlari shart!”, — deydi vazir oʻz nutqida.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech