Parlament quyi palatasining internet saytida ma'lum qilinishicha, O'zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonunlar qabul qilinganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama etilmoqda.

Qayd qilinishicha, mazkur qonun loyihasida qator yangiliklar ko'zda tutilgan. Misol uchun, Jinoyat kodeksining amaldagi tahririda faqat yosh bolani parvarish qilayotgan ayolning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Qonun loyihasida esa yosh bolani parvarish qilayotgan shaxsning, ya'ni ayol yoki erkakning mehnat huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

SHuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksni tazyiq va zo'ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo'lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik haqidagi yangi modda bilan to'ldirish taklif etilmoqda.

Ta'kidlash joiz, himoya orderi tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi huquqiy hujjatdir.

Hozirgi kunda yurtimizdagi Reabilitatsiya va moslashtirish markazlari tomonidan mingdan ortiq jabrlangan ayollar himoyaga olingan, ularga ruhiy yordam va boshqa zarur amaliy ko'mak berilmoqda. Aholining bu qatlamini himoya orderi bilan ta'minlash ham nihoyatda ahamiyatli masaladir.