Tadbirda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalariga bolalarni joylashtirishning oldini olish masalasi hamda ular oilalari va hamjamitlariga tegishli ravishda reintegratsiyasi sohasidagi natijalar sarhisob qilindi.
Xususan Respublika oʻquv-tarbiya muassasalaridan chiqarilgan bolalarning reintegratsiyasi bilan bogʻliq muammolari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, yopiq muassasalardan qaytgach, koʻplab oʻspirinlar bunday muassasalarga joylashtirilishiga sabab boʻlib, hali ham yechim topmagan ijtimoiy muammolarga duch keladi.
Ular ota-onalar, boshqa oila aʼzolari, maktab va hamjamiyatlar tomonidan qabul qilinmasligi mumkin. Shu sababli yopiq muassasalardan qaytgan bolalar uchun reintegratsiya xizmatlari, xususan, oilalarni qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini yaxshilash oʻta muhimdir.
Shuningdek ozodlikdan mahrum qilish faqat eng soʻnggi chora sifatida imkon qadar qisqa vaqt davomida qoʻllanilishi va xalqaro standartlarga muvofiq istisno holatlari bilan cheklanishi lozimligi ishtirokchilar tomonidan taʼkidlandi.
Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridagi bolalar ahvolini baholash ularning aksariyati qiyin hayotiy sharoitdagi oilalardan ekanligini koʻrsatadi. Bunday oilalarning asosiy muammolari moddiy qiyinchiliklar, spirtli ichimliklar va psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilish, doimiy ish bilan bandlikning yoʻqligi, oila aʼzolar oʻrtasida jiddiy ruhiy kasalliklar bilan bogʻliq.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, agar diqqatni qiyin ahvoldagi oilalarni erta aniqlashga qaratilsa, ular bilan profilaktika ishlari olib borilsa, mahalla va maktablarda ishlar yanada kuchaytirilsa, bolalar himoyasi va ularning farovonligi oshadi. Bu, oʻz navbatida qiz va oʻgʻil bolalarning oilasidan zaruratsiz ajratishni va bolalarni ixtisoslashgan muassasalarga joylashtirishni kamaytirishga xizmat qiladi.
Bolalarning eng yaxshi manfaatlarini koʻzlagan samarali reintegratsiya hamjamiyat darajasidagi profilaktika va qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini ishlab chiqish va ularni joriy etishni talab qiladi. Barcha bolalar, jumladan qonun bilan ziddiyatdagi bolalarni oilalaridan ajratish va internat muassasalariga joylashtirishning oldini olish uchun erta aniqlash, yoʻnaltirish va kompleks ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish shular jumlasiga kiradi. Bolalar, ota-onalar, oilalar va hamjamiyatlarni reintegratsiyaga tayyorlashda ularga hamroh boʻladigan oʻqitilgan ijtimoiy sohaga oid kadrlar boʻlishi ahamiyatlidir deya qayd etildi yigʻilishda.
Tadbirda normativ-huquqiy baza va tarmoqlararo hamkorlikni takomillashtirish, tegishli mutaxassislarning salohiyatini oshirib, hamjamiyat darajasida oilani qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini kuchaytirish, zararli gender normalarini bartaraf etish boʻyicha ishlarni davom ettirish, huquqbuzarlik bilan bogʻliq xatarlarning oldini olish boʻyicha monitoring va samaradorlikni baholash ishlarini hujjatlashtirish va boshqa tavsiyalar ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati