“Hindiston- Markaziy Osiyo” II ishbilarmonlar kengashi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 29 Oktabr 2020 882

    2020-yil 28-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Hindistonning “FICCIi” tashkiloti hamkorligida “Hindiston- Markaziy Osiyo” II ishbilarmonlar kengashi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, Hindistonning “FICCI” tashkiloti Prezidenti Dr.Sangetta Reddiy, Hindiston Tashqi ishlar vazirligining Yevroosiyo boʻlimi kotibi Adarsh Svayki shuningdek ishtirokchi mamlakatlar savdo-sanoat palatalari rahbarlari ishtirok etishdi.

    Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov oʻz nutqi davomida soʻnggi yillarda Hindiston-Markaziy Osiyo ishbilarmonlar kengashiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashganini va buning tasdigʻi sifatida oʻtqazilayotgan qoʻshma tadbirlarni keltirish mumkinligini taʼkidladi.

    Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston tomonidan tashkil etilgan milliy tadbirkorlik palatalari va ishbilarmonlar kengashlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

    Oʻz navbatida, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) Prezidenti Sangeyeta Reddi ishtirokchilarni, FICCI tomonidan ishbilarmon doiralarning manfaatlarini himoya qilish, chet el ishbilarmon doiralari, xalqaro biznes tashkilotlari bilan aloqalar oʻrnatish va hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi.

    Shuningdek, tomonlar, aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-sotiqni rivojlantirish yoʻlidagi turli toʻsiqlarni kamaytirish, shuningdek, mamlakatlar ishbilarmon doiralari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligini taʼkidladilar.

    Onlayn formatda tashkil etilgan mazkur uchrashuvda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

    Ishbilarmonlar kengashi doirasida ishtirokchi mamlakatlar vakillari oʻrtasida Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Xususan, mamlakatlar oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha ham fikr almashildi.

    Ochiq muloqot, istiqbolli loyihalar va kelishuvlarni ishlab chiqish, chuqur hamkorlik uchun oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarni aniq belgilash, va ishtirokchi mamlakatlar ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning samarali formatini aniqlashga imkon berdi.

    Maʼlumot uchun, 2020-yil 15-oktyabrda Oʻzbekiston FICCI bilan birgalikda LEADS 2020 forumida ishtirok etdi, 21-oktyabrda har ikki tomonning 100 dan ortiq ishbilarmonlari ishtirokida oʻzbek-hind onlayn biznes forumi tashkil etildi;

    2020-yil fevral oyida Qozogʻiston Respublikasi Milliy tadbirkorlar palatasi bilan Yoʻl xaritasi imzolandi;

    Oʻzbekiston Qirgʻiziston Savdo-sanoat palatalari oʻrtasida 2018-yilda oʻzbek-qirgʻiz ishbilarmonlar kengashini tashkil etildi;

    Tojikiston Savdo-sanoat palatasi bilan 2020-yil 29-sentyabrda Dushanbeda, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tojikiston Respublikasiga tashrifi doirasida oʻzbek-tojik investitsiya forumi tashkil tildi;

    Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi bilan 2020-yil 7-oktyabrda videokonferensaloqa shaklida Oʻzbekiston- Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining 1-yigʻilishi tashkil etildi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.