Hindiston armiyasi shtab boshligʻi ilk bor Oʻzbekistonga keldi

    Shu yilning 15-aprel kuni Hindiston Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qoʻshinlari shtab boshligʻi general Manoj Pandening Oʻzbekistonga toʻrt kunlik tashrifi boshlandi.

    Bu haqda “Dunyo" Axborot agenligi xabar bermoqda.

    Hindiston armiyasining yuqori martabali vakili Oʻzbekiston Mudofaa vazirligida qabul qilindi.

    Oʻzbekiston mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov bilan uchrashuv doirasida ikki mamlakat oʻrtasidagi harbiy hamkorlik istiqbollari, shuningdek, bugun “Termiz” poligonida boshlangan qoʻshma harbiy mashgʻulotlari beshinchi bosqichining borishi muhokama qilindi.

    Shundan soʻng, Hindiston delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyida boʻlib, u yerdagi tarixiy eksponatlar bilan tanishdi.

    General Manoj Pande tashrif doirasida Oʻzbekiston Qurolli kuchlari akademiyasida Hindiston koʻmagida tashkil etilgan axborot texnologiyalari laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etishi kutilmoqda. U “Termiz” poligonida oʻtkazilayotgan “Doʻstlik-2024” beshinchi Oʻzbekiston-Hindiston harbiy mashgʻulotlarini kuzatadi va koʻhna Samarqandga tashrif buyuradi.

    Hindiston Qurolli Kuchlari armiyasi generali, shuningdek, Toshkentda Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastri xotirasiga hurmat bajo keltiradi va Gʻalaba bogʻini ziyorat qilib, Oʻzbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasini qayd etadi.

    Hindiston ommaviy axborot vositalari general Manoj Pandening Oʻzbekistonga tashrifi Toshkent va Dehli oʻrtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam boʻlishini taʼkidlamoqda.