Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakat yetakchi aviatashuvchilarining respublikamizga parvozlarini tashkil qilish va turistlar oqimini koʻpaytirish maqsadida Hindiston fuqaro aviatsiyasi idoralari va “IndiGo” kompaniyasi rahbariyati bilan bir necha marotaba muzokaralar oʻtkazilgan edi.

Kecha aviakompaniya Dehli-Toshkent-Dehli yoʻnalishida muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻyayotgani haqida maʼlumot tarqatgan edi. Bu “IndiGo”ning 31-xalqaro yoʻnalishi boʻladi. Aviakompaniya samolyotlari ikki yirik shahar oʻrtasida haftasiga toʻrt marta parvoz qiladi.

“Biz Oʻzbekiston poytaxti va mamlakatning eng yirik shahri boʻlgan goʻzal Toshkentga parvozlarni boshlayotganimizdan mamnunmiz. Buyuk ipak yoʻlidagi betakror madaniyat markazi va afsonaviy shahar sifatida Toshkent doimo sayohatchilarni Markaziy Osiyoning yuragini kashf qilish uchun chorlab keladi. Oʻzbekistonning shimoli-sharqida joylashgan qadimiy shahar hindistonlik sayohatchilarga ushbu zaminning maftunkor jozibasini his qilish uchun eshik ochib, ikki xalq oʻrtasidagi savdo va madaniy aloqalarni yanada boyitishga hissa qoʻshadi”, deb taʼkidlagan “IndiGo”ning global savdo boʻlimi rahbari Vinay Malhotra.

“Oʻzbekistonning maftunkor poytaxti Toshkent oʻzining joʻshqin madaniy hayoti, boy muzeylari, turli kolleksiya va ekspozitsiyalarga ega koʻrgazma zallari bilan mashhur. Shahar zamonaviy va qadimiy meʼmorchilikning sehrli uygʻunligini taklif etadi. Davlat tarix muzeyi xalq tarixiga hurmat bajo keltirgan holda Oʻzbekistonning ilk paleolit ​​davridan to hozirgi kungacha boʻlgan taraqqiyotini ifoda etgan. Temuriylar tarixi muzeyida qimmatbaho qoʻlyozmalar, qurol-yarogʻ namunalari va boshqa artefaktlar saqlanmoqda. Poytaxt ufq chizigʻini Toshkent teleminorasi bezab turadi va oʻzining kuzatuv maydonchasidan shaharning hayratlanarli manzarasini taqdim etadi. Mehmonlar bu maydonchadan tarixiy va madaniy obyektlarni, jumladan, gavjum Chorsu bozorini, koʻrkam Minor masjidini, Amaliy sanʼat muzeyi, Amir Temur maydonini va boshqa diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishi mumkin”, deb hikoya qilingan aviakompaniya saytida.

“IndiGo” kompaniyasi tomonidan Dehli va Toshkent oʻrtasida parvozlar yoʻlga qoʻyilayotgani haqidagi xabar Hindiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Jumladan, «Press Trust of India» axborot agentligi “InterGloble Aviation”ga tegishli aviakompaniya 22-sentyabrdan Dehli va Toshkent oʻrtasida parvozlarni yoʻlga qoʻyishi haqidagi tezkor yangilikni tarqatdi.

“IndiGo”ning Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarining ochilishi hindistonlik sayyohlarning ushbu mamlakatga qulay tarzda yetib borish imkoniyatini oshiradi hamda mos ravishda turizm va biznes aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Mazkur yangilik, shuningdek, Markaziy Osiyoning jahon iqtisodiyotidagi ahamiyati ortib borayotganini taʼkidlaydi va mintaqa bilan Hindiston oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi», deb yozgan «The Indian Express» gazetasi.

Eslatib oʻtamiz, yaqinda “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan “IndiGo” aviakompaniyasiga Dehli-Toshkent-Dehli yoʻnalishi boʻyicha A-320NEO va A-321 NEO samolyotlarida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi.