Hindiston bilan oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yana-da rivojlanadi

    Ta'lim 16 Oktabr 2020 5110

    Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan Buxoro viloyati hokimligi va Hindistonning Rajaston shtatidagi Jaypur Manipal universiteti oʻrtasida videokonferensaloqa shaklida muloqot tashkil etildi.

    Masofaviy anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimiz taʼlim sohasiga investitsiyalarni yana-da faol jalb qilish va bu borada Hindiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat boʻldi.

    Tadbirda Buxoroda oliy taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtibor, sohada erishilayotgan yutuqlar, yoshlarning yuqori darajali bilim olishga boʻlgan intilishi hamda viloyatda oliy taʼlim muassasalari, jumladan xalqaro universitetlar ochishga boʻlgan ehtiyoj haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, viloyatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Shuningdek, kelgusida Buxoroda Manipal universiteti filialini ochishning istiqbolli yoʻnalishlari haqida soʻz yuritildi.

    A.Sharma maʼlumotiga koʻra, Jaypur Manipal universiteti Manipal universitetlari guruhi (Hindiston) tarkibida 2011-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda ushbu oliy taʼlim muassasasida muhandislik, arxitektura, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, kompyuter dasturlari, menejment, tijorat, dizaynerlik, tasviriy sanʼat, mehmonxona xizmatlari, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar, huquqshunoslik va gumanitar fanlar yoʻnalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

    Manipal universitetlari guruhi tarkibida Jaypur Manipal universitetidan tashqari Manipal oliy taʼlim akademiyasi (Karnataka shtati), Sikkim Manipal universiteti (Sikkim shtati), Manipal xalqaro universiteti (Malayziya), Manipal oliy taʼlim akademiyasi (Dubay) va Antigua Amerika universiteti (Karib orollari) faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda Indoneziya va Shri-Lankada universitetning filiallarini ochish boʻyicha muzokaralar olib borilyapti.

    Ushbu tizim xorijiy davlatlar bilan hamkorlik oʻrnatish borasida ham katta tajribaga ega. Jaypur Manipal universiteti 60 ga yaqin xorijiy davlatlarning 200 dan ortiq nufuzli universiteti, jumladan Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti, AQSHning Kaliforniya davlat universiteti, Chikago universiteti, Germaniyaning Gamburg texnika universiteti va Bremen universiteti, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Turkiyaning Istanbul va Karabuk universitetlari, Singapur menejment universiteti va boshqalar bilan yaqin aloqa oʻrnatgan.

    Buxoro viloyati tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlardan kelib chiqib, A.Sharma viloyatda Manipal universitetining boʻlimini ochish, oʻqituvchilar malakasini oshirish va oʻzaro talabalar almashinuvi dasturlari boʻyicha yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.

    Shunga koʻra, hind tomoni muzokaralarni davom ettirish maqsadida Manipal universiteti rahbariyati, oʻqituvchilari, talabalari va Rajaston shtati tadbirkorlaridan iborat delegatsiya pandemiya cheklovlari yumshatilgandan keyin Buxoroga tashrif buyurishini maʼlum qildi.

    Samarali oʻtgan tadbir soʻnggida muzokaralarni muntazam davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.