Hindiston elchisi O‘zbekistondagi faoliyatini yakunladi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyul 2020 847

    Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun, 1-iyul kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Hindiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Santosh Ja bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati xabarida keltirilishicha, suhbat chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, soʻnggi yil davomida jadal rivojlandi, muhim kelishuv va natijalarga erishildi.

    Koronavirus pandemiyasi sharoitida tegishli vazirlik va idoralar barcha zamonaviy aloqa vositalaridan foydalangan holda hamkorlikni davom ettirgani qayd etildi.

    Shuningdek, turli darajalardagi boʻlajak ikki tomonlama uchrashuvlarni oʻtkazish muddatlari boʻyicha takliflar yuzasidan fikr almashildi.

    Suhbat soʻngida Vazir Santosh Jaga ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.

    Elchi Hindistonning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlangani uchun minnatdorlik izhor etdi.