Uchrashuvda Hindiston Islom madaniyati markazi va Oʻzbekistondagi yetakchi Islom ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Xususan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va uning huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati haqida hind tomoniga maʼlumot berildi.
Sirojiddin Qurayshiy Oʻzbekistonda islom dinini chuqur oʻrganish, uning rivojiga hissa qoʻshgan buyuk olimlarning ilmiy merosini har tomonlama tadqiq etish va dunyo hamjamiyatiga yetkazish boʻyicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami maqtovga sazovor ekanini taʼkidladi.
Oʻz navbatida Hindiston Islom madaniyati markazi oʻz imkoniyatlari doirasida mazkur tadqiqot markazlari bilan yaqin amaliy hamkorlikka tayyor ekani eʼtirof etildi. Bu borada oʻzbek va hind olimlari oʻrtasida qoʻshma tadqiqotlar olib borish, xalqaro ilmiy konferensiyalarda faol ishtirok etish, Hindistondagi yirik kutubxonalarda saqlanayotgan islomshunos olimlar asarlarini oʻrganish kabi alohida yoʻnalishlar koʻrib chiqildi.