“Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi

    Xalqaro hamkorlik 19 Dekabr 2021 1398

    2021-yilning 19-dekabrda Dehli shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi yigʻilishida ishtirok etdi.

    Uchrashuvda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi siyosat, iqtisodiyot, raqamlashtirish va madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi aloqalarni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati, tahdid va xatarlarga birgalikda qarshi kurashish choralari yuzasidan fikr almashildi.

    Vazir Abdulaziz Kamilov oʻz nutqida “Hindiston – Markaziy Osiyo” shaklidagi oʻzaro hamkorlik salohiyatidan yanada toʻliqroq foydalanish, ikki mintaqaning oʻzaro aloqalarini mustahkamlash, jumladan, barqaror savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya aloqalarini shakllantirish, mahsulotlarni Hindiston va Markaziy Osiyo bozorlariga olib kirish uchun “yashil yoʻlak” tashkil qilish, IT-mutaxassislari uchun platforma yaratish muhimligini taʼkidladi.

    Mintaqaviy rivojlanish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida Muloqotda ishtirok etuvchi har bir davlatda navbat bilan yillik tadbirlarni oʻtkazadigan “Hindiston va Markaziy Osiyodagi tahliliy markazlar forumi” tahliliy platformasini tashkil etish taklif etildi.

    Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. Bu davlatning xalqaro yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik uchun unga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

    Panel sessiyalar doirasida Afgʻonistonga insonparvarlik yordami koʻrsatish hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalari muhokama etildi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.