Hindiston OAV: O‘zbekiston Afg‘onistonga 185 tonna gumanitar yordam yetkazib berdi

    Hindistonning “Asia News International” (ANI) axborot agentligi O‘zbekiston Afg‘onistonga un, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, makaron, konserva, shakar va tez tayyorlanadigan oziq-ovqatlardan iborat gumanitar yordam yetkazib bergani haqidagi axborot materialini tarqatdi.

    Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatining chegaradosh Hayraton shahriga 185 tonnalik gumanitar yordam yetkazildi”, deb yozadi agentlik.

    Unda gumanitar yordam O‘zbekiston Prezidentining Maxsus vakili Ismatulla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov tomonidan Afg‘oniston iqtisodiyot vaziri vazifasini bajaruvchi Din Muhammad Hanifga topshirilgani maʼlum qilingan.

    Agentlik muxbiri, shuningdek, tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdoni kengaytirish masalalarini muhokama qilganini ham qalamga olgan.

    ANI tomonidan tarqatilgan ushbu xabar Hindistondagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari sahifalarida ham eʼlon qilindi.