Hindiston oliygohlari vakillari JDPUda

    Hindistonlik olimlar ayni kunlarda mutaxassislar uchun trening mashgʻulotlarini boshlab yuborishgan. Treninglar 10 kun davom etadi.

    25-mart kuni JDPU ga tashrif buyurgan Hindistonlik hamkorlar universitetda Steam va Robototexnika rivojlantirish sohasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan mutaxassislar uchun 10 kunlik trening mashgʻulotlarini boshlab yuborishgan.

    “Hindistonlik hamkorlarimiz tomonidan tashkil etilgan loyihada ishtirok etish uchun dastlab 40 dan ziyod talabgor oʻqituvchilar istak bildirishdi. Mana shu 40 nafar nomzoddan suhbat orqali 6 kishi Steam sohasida oʻtkaziladigan mashgʻulotlarda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Hindistonlik olimlar mashgʻulotga qatnashish istagini bildirgan talabgorlar bilan suhbat oʻtkazishdi. Mashgʻulotlar davomida zamonaviy eng soʻnggi dasturlaridan Robototexnologiyada qoʻllaniladigan dasturiy taʼminot boʻyicha, Logo tipidagi dasturlarning oxirgi versiyalari, 3D linklarini ishlatish uchun va 3D modellar yasovchi dasturiy taʼminotlar va har xil platformalar boʻyicha maʼlumotlar olmoqdamiz. 10 kunlik mashgʻulotlardan soʻng oʻrganganlarimizni talaba yoshlar va oʻqituvchilarga seminar-treninglar orqali amalda qoʻllash niyatidamiz ”,-deydi Matematika va informatika fakulteti oʻqituvchisi Aʼzam Bekboʻtayev.

    Mashgʻulotlar qiziqarli tarzda oʻtkazilmoqda. Hindistonlik mutaxassislarning tinglovchilarga nazariy va amaliy darslar oʻtkazilayotgani ularning bilimlarini yanada mustahkamlamoqda.

    “Darslar juda qiziqarli oʻtmoqda, bugun sherigim bilan ikkita motorchalik harakatlanayotgan mashina robot yasadik. Shu barobarida uning dasturini ham yaratdik Ayni paytda dasturni yuklash jarayonidamiz. Biz yaratgan dastur asosida robot harakatlanadi. Men texnologik taʼlim yoʻnalishi boʻyicha talabalarga dars beraman. Biz yaratgan dasturni umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 5-9 sinflari uchun yangilik sifatida kiritishimiz mumkin”- deydi Texnologik taʼlim kafedrasi oʻqituvchisi Mirjalol Yoʻldoshev.

    26 mart kuni boshlangan trening mashgʻulotlar 5 aprelgacha davom etadi. Hindistonlik olimlar nafaqat Steam sohasida xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha faoliyatini davom ettirishadi.