Hindistonda bo'rilar hujumi oqibatida o'n nafar bola halok bo'ldi

    Hindiston shimolida bo'rilar to'dasi qishloq aholisini dahshatga solmoqda.

    Yirtqichlar kechalari baland shakarqamish chakalakzorlaridan chiqib, bolalarga hujum qilmoqda.

    Buning oqibatida Uttar-Pradesh shtatida kamida 10 nafar bola halok bo'ldi, dedi o'rmon rasmiylari. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, odamlar va yovvoyi hayvonlar o'rtasidagi bunday holat iqlim inqirozi va yovvoyi tabiatga yetkazilayotgan zarar tufayli kuchaygan.

    100 ga yaqin qishloq hududida bo'rilar kezib yuradi. Mahalliy aholining yirtqichlarning bemalol kirib kelishi mumkin bo'lgan tomlari somonli, eshiksiz uylarda tunayotgani vaziyatni og'irlashtirmoqda.

    Birinchi hujum 18-mart kuni qayd etildi. Shundan so'ng uch oylik sukunat kuzatildi. 17-iyul kuni yana bir bola hujumga uchradi.

    O'rmon xo'jaligi xodimlari hujum qilayotgan bo'rilar soni oltita ekanligini aniqlashdi. Ularning to'rttasi ushlandi, ammo ikkitasi ozodlikda qolmoqda.

    Bo'rilarning hujumlari iqlim o'zgarishi bilan bog'liq. Kuchli yog'ingarchilik tufayli mahalliy Gxaggar daryosi toshib ketgan. Oqibatda yirtqichlar odatdagi yashash joylarini tark etishdi. Ular odatdagi o'ljalarini yo'qotib, odamlarning yashash joylariga chuqur kirib borishdi.

    Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday hujumlar odatiy hol emas. Hindistonda bo'rilar hujumi bilan bog'liq faqat uchta holat ma'lum. Ularning barchasi 1997-yildan 1999-yilgacha Uttar-Pradeshda sodir bo'lgan.

    Ammo kelajakda bu yana takrorlanishi mumkin. Hindistonda o'sib borayotgan aholi yovvoyi tabiatga tobora ko'proq zarar yetkazmoqda, odamlar va hayvonlar to'qnashuvi ehtimoli ortib bormoqda, deb xabar beradi mir24.tv.