Hindistonda gʻavvosga toʻlov qilinguncha amaldor choʻkib ketdi

    Uttar Pradesh shtati sogʻliqni saqlash departamenti direktori oʻrinbosari Adityavardhan Singx shanba kuni Ganga daryosida choʻkib ketdi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Singxning hamrohlari gʻavvosdan uni qutqarishini soʻrashgan, ammo gʻavvos xizmati uchun 10 ming rupiy oldindan toʻlashlarini talab qilib, pulni olganidan keyingina daryoga sakrashini aytgan.

    Naqd pul yoʻqligi sababli toʻlov onlayn amalga oshirilgan. Gʻavvos esa onlayn toʻlovning tasdiqlanishini kutgan. Bu vaqtga kelib, Singx koʻzdan gʻoyib boʻlgan edi.

    Manbalarning taʼkidlashicha, Singx selfi olayotganda tasodifan toyib ketgan.

    Voqea joyiga tumanning yuqori lavozimli amaldorlari yetib kelishdi, jasadni qidirish uchun gʻavvoslar va motorli qayiqlar ishga tushirildi, biroq u topilmadi.