Hindistonda ibodatxona devorining o'pirilib tushishi oqibatida to'qqiz nafar bola halok bo'ldi

    Hindistonning Madxmya-Pradesh shtatida kuchli yomg'irdan keyin ibodatxona devorining qulab tushishi oqibatida 10 – 15 yoshli 9 nafar bola halok bo'ldi. Bu haqda RTI agentligi xabar berdi.

    Voqea diniy tadbir vaqtida yuz berdi. Bolalar mazkur ibodatxona yonidagi chodirda edi. Devorning o'pirilib tushishi oqibatida ikki nafar bola voqea joyida, yetti nafari kasalxonaga olib ketilayotganda yoki tibbiy muassasaga yetib kelganida vafot etdi.

    Mahalliy hukumat ma'lumotlariga ko'ra, yana bir qancha bola jarohatlandi. Ular tuman shifoxonasida davolanmoqda. Ularning hayoti xavf ostida emas.

    So'nggi haftalarda yog'ayotgan kuchli yomg'ir Hindistonning turli hududlarida suv toshqini, ko'chki va binolar, yo'llar va ko'priklarning vayron bo'lishiga olib keldi, deb xabar beradi tass.ru.