Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi avj olayotgani haqidagi ma’lumotini taqdim etdi. Joriy yilning 22 sentabr holatiga ko‘ra, Nipah infeksiyasi bo`yicha oltita holat tasdiqlangan bo‘lib, ikkita o‘lim holati yuz berdi.
Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy kasallikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi.
Savdo-sotiq ishlari bo‘yicha boruvchi tadbirkorlar yoki sayohat uchun Hindistonga borishga chog‘langan yurtdoshlarimizga mazkur virusdan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhimligini eslatib o‘tamiz:
– Avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya eting;
– mevalarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuving; yangi siqilgan xurmo sharbatini qaynatib iching;
– asosiysi ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi natijasida teshilgan mevalarni iste’mol qilmang.
Har qanday kasallikning oldini olishda belgilangan qoida va tavsiyalarga amal qilish muhim hisoblanishini unutmang.
Sanepidqo‘mita Axborot xizmati









