“G'arbiy Bengaliyada Yangi Jalpayguri yaqinidagi Kanchanjunga Express poezdi halokatida hayotdan ko'z yumganlar soni 15 kishiga yetdi. Hodisa oqibatida 60 kishi jarohat oldi”, deyiladi agentlik xabarida.
Baxtsiz hodisa dushanba kuni ertalab yuz berdi, yuk poyezdi xuddi shu yo'nalishda ketayotgan yo'lovchi poyezdiga borib urildi. To'qnashuv oqibatida bir qancha yo'lovchi vagonlari relsdan chiqib ketgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, yuk poyezdi mashinisti to'xtash ishorasini o'tkazib yuborgan va keyin ikkinchi poyezdga borib urilgan.
Shimoli-Sharqiy chegara temir yo'li vakillarining so'zlariga ko'ra, temir yo'lda yuz bergan halokat oqibatida yuk poezdi mashinisti va mashinist yordamchisi ham halok bo'ldi.
Rasmiylarning qayd etishicha, qurbonlar sonining kamligi yo'lovchi poyezdining orqa tomoniga ikkita pochta vagonlari biriktirilgani bilan izohlanadi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Hindiston Prezidenti Draupadi Murmu, G'arbiy Bengaliya Bosh vaziri Mamata Bannerji va mamlakat temir yo'l vaziri Ashvini Vaishnav ushbu halokat munosabati bilan hamdardlik bildirdi, deb xabar beradi ria.ru.