Hindistondan munosabat: Toshkent konferentsiyasi o'z vaqtida ilgari surilgan tashabbusdir

    Ertaga Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshlaydi.

    Mazkur konferensiya ishtirokchisi — Javoharlal Neru universitetining (Hindiston) Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini oʻrganish markazi professori Sanjay Pandey mazkur anjuman oldidan boʻlajak forum boʻyicha oʻz munosabatini bildirdi.

    - Ushbu yuqori darajadagi konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari davlatlarining oʻzaro bogʻliqligini yana-da yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston hukumati tomonidan oʻz vaqtida ilgari surilgan tashabbus, deb taʼkidladi professor Sanjay Pandey. — Sababi, mazkur mintaqalar tarixiy va madaniy jihatdan koʻp yillardan buyon uzviy bogʻlangan.

    Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev respublika Prezidentligiga saylanganidan buyon Oʻzbekiston oʻziga qoʻshni davlatlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda mintaqadan tashqaridagi davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona aloqalarni rivojlantirish borasida qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.

    Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda mustahkam hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Shunday boʻlishiga qaramay, mamlakatlarimiz oʻrtasida hali toʻliq oʻzlashtirilmagan katta imkoniyatlar mavjud. Shulardan biri turizm sohasi hisoblanadi.

    Oʻzbekiston hukumati tomonidan dunyo iqsiodiyotiga katta salbiy taʼsir oʻtkazgan pandemiya oqibatlarini bartaraf etish borasida oʻz vaqtida samarali choralar koʻrildi.

    Hindistonlik olim Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi hamkorlik, xususan, turizm sohasidagi oʻzaro aloqalar juda katta istiqbolga ega ekanligiga alohida eʼtibor qaratdi. Va buni har ikki mamlakatda ham uzoq oʻtmishga ega tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar mavjudligi bilan asoslar ekan, Oʻzbekiston beqiyos flora va faunasi bilan madaniy va sport sayyohligi, ekoturizm uchun jannatmonand oʻlka hisoblanishini, shuningdek, Oʻzbekistonda temir yoʻl va va boshqa infratuzilmalar juda yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi eʼtirof etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.