“Times of India” onlayn portalida Oʻzbekiston turizm sektorida pandemiya oqibatlarini kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, sayohat manzillari, gastronomik turizm, yangi turistik obyektlar haqida maʼlumot berildi. Unda UNESCOning moddiy madaniy meros obyektlari qatoriga kiritilgan Xiva, Samarqand, Buxoro va shuningdek, boy tarixga ega Termiz va Toshkent shaharlarining jozibasiga alohida taʼrif keltirildi.

Maʼlumot uchun: “Times of India” gazetasi – Hindistonning eng koʻp oʻqiladigan va ommabop nashri hisoblanib 1838-yildan beri chop etiladi, 2013-yilda tiraji 3mln.ga yetgan.

Shuningdek, mart oyida Hindistonning taniqli “Travel Links” sayyohlik jurnalida Oʻzbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi – Dilshod Ahadovning Oʻzbekistonning turizm salohiyati va madaniyati xususidagi intervyusi nashr etildi. «Qizgʻin suhbat davomida men Oʻzbekistonga virtual ravishda sayohat qilgandek boʻldim va menda oʻzining rang-barang madaniyati, ulugʻvor obidalari, boy tarixiy merosi, turfa xil taomlari bilan dunyoga mashhur mazkur goʻzal mamlakatga tez orada tashrif buyurish ishtiyoqi paydo boʻldi,” – dedi jurnal bosh muharriri Payal Sahni. Suhbat davomida elchi Oʻzbekistondagi mavjud koʻplab turizm yoʻnalishlari bilan bir qatorda rivojlanib kelayotgan qishki dam olish zonalari, sport turlari, ekoturizm xususida ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

Maʼlumot uchun: “Travel Links” sayyohlik jurnali har ikki oyda bir marta chop etiladi. Bugungi kunda uning adadi 22 ming dona boʻlib, jurnal Dehli shahrida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar, mehmonxonalarga tarqatiladi.