Hindistonning Acharya instituti bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi

    Ta'lim 29 Iyul 2022 1989

    Ayni kunlarda Dehli shahrida Hindiston sanoat konfederatsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida Hindiston-Oʻzbekiston biznes-forumi boʻlib oʻtyapti.

    Mazkur biznes-forum turli sohalardagi potensial investitsiya loyihalarini muhokama qilish va amalga oshirish uchun maydon boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-sanoat, transport aloqalarini rivojlantirish hamda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi tranzit yoʻlaklarini kengaytirishga xizmat qiladi.

    Shu munosabat bilan mazkur biznes forum doirasida 28-iyulda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda Acharya instituti (Hindiston) oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Memorandumga asosan Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida Acharya institutining Oʻzbekistondagi filialini ochilish hamda kelgusida mazkur oliy taʼlim tashkilotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yetuk mutaxassislar yetishib chiqarilishi koʻzda tutilgan.

    Eslatib oʻtamiz, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov joriy yil 19-yanvarida Acharya instituti rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazib, unda ushbu institut filialini Oʻzbekistonda ochish masalalari ham muhokama qilingan edi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun:

    1990-yilda tashkil etilgan Acharya instituti tarmogʻi Bangalordagi eng yirik xususiy taʼlim muassasalaridan biridir. Uning tarkibiga 10 ta institut va 15 ta tadqiqot markazlari kiradi. Acharya institutlari tarmogʻida 75 mamlakatdan 15 mingdan ziyod talabalar va 250 nafar doktorant bor. Taʼlim 100 dan ortiq oʻquv dasturlari boʻyicha olib boriladi.