Hindistonning “ACHARYA” institutlar tarmog'i delegatsiyasi Qorako'lda

    Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov Hindiston Respublikasining “ACHARYA” institutlar tarmogʻi ijrochi direktori Vishesh Chandrashekxar hamda korporativ munosabatlar va xalqaro ishlar boʻyicha direktor yordamchisi Saubxik Kumar Deyni qabul qildi.

    Muzokara avvalida viloyat hokimi mehmonlarga koʻhna va hamisha navqiron Buxoroi sharifning boy tarixi va madaniyati toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berib, yurtimizda ilm–maʼrifatga qaratilayotgan eʼtibor, qator xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan olib borilayotgan hamkorlik samaralari, aynan Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi negizida raqamli infratuzilmani rivojlantirishga oid loyihalar xususida toʻxtaldi.

    Oʻz navbatida Hindiston delegatsiyasi tomoni samimiy qabul uchun viloyat hokimligiga minnatdorligini izhor qilib, “IT universitet” loyihasi istiqboliga katta ishonch bildirdi. Mehmonlar Hindistonda rivojlanayotgan axborot texnologiyalari sohasi va dunyoda oʻz mavqeiga ega “ACHARYA” institutlar tarmogʻi taqdimotini oʻtkazdi.

    — 1990-yilda mamlakatning yirik sanoat va raqamli texnologiyalar shahri Bongalorda faoliyat boshlagan “ACHARYA” institutlar tarmogʻi bugunga kelib, jahonningg 70 ta davlatidan tahsil olayotgan 15 mingdan oshiq talabasiga ega, – deydi oliy taʼlim dargohi ijrochi direktori Vishesh Chandrashekxar. — Xalqaro talabalariga egaligi bilan institut mamlakatda ikkinchi oʻrinda, dunyo reytingida esa kuchli qirqlikka kirgan. Bizdagi kutubxona fondi va soʻnggi rusumdagi raqamli axborot texnologiyalari mamlakat oliy taʼlim tizimida birinchi oʻringa koʻtarilgan.

    “ACHARYA” institutlar tarmogʻi Apple, Misrosoft, Samsung kabi dunyoning yirik brendlari markazlariga ega. Buxoroda raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan IT universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyishda yaqin hamkorlikni boshlayotganimizdan mamnunmiz. Bizga zamon talabiga javob beradigan bino jihozlab berilsa, oʻz texnologiyalarimiz va sarmoyamizni kiritib, ish boshlashga tayyormiz. Bu jarayonda mahalliy kadrlar, yaʼni oliy taʼlim dargohida dars beradigan oʻqituvchilarni saralab, Hindistonda malaka oshirib qaytishlarini ham taʼminlaymiz. Qolaversa, Qorakoʻl tumanida boʻlib, yoshlar taʼlimiga qaratilgan eʼtibor va shart-sharoit bilan tanishdik. Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda uning viloyat hududiy boshqarmasi, shuningdek, Qorakoʻl tumani hokimligi mutasaddilari ishtirok etgan va har ikki tomon uchun manfaatli boʻlgan muzokara yakunida tomonlar oʻzaro esdalik sovgʻalarini qabul qildilar.

    Rabbonqul MUXTOROV,

    Qorakoʻl tuman hokimligi axborot xizmati rahbari