Joriy yilda oʻtkazilgan “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi boʻyicha 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan Hindistonning “The Economic Times” gazetasining diplomatik muharriri Dipanjan Roy Chaudhuriga tanlov statuetkasi, diplomi hamda pul mukofoti tantanali ravishda topshirildi.
Dehlida boʻlib oʻtgan topshirish marosimida Oʻzbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda Xolmurod Salimov soʻzga chiqib, bu yilgi “Oltin qalam” XVIII tanlovida 40 dan ortiq mamlakatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashgani, ushbu nufuzli tanlov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida demokratik amoyillar asosida yanada ochiq va shaffof tashkil etilgani, unga mahalliy va xorijiy jurnalistlarning qiziqishi oshib borayotganini alohida taʼkidladi.
Chet el OAV vakillari tanlovga taqdim etgan ijodiy ishlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaralari, xususan, bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishilgan yutuqlar, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar, yurtimizning turizm salohiyati mahorat bilan ochib berilgani aytib oʻtildi. Ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashishni taʼminlash kabi masalalar xususida soʻz yuritildi.
– “Oltin qalam” XVIII tanlovida ishtirok etganimdan, Oʻzbekiston haqidagi maqolalarim tanlovda yuqori baholanganidan mamnunman. Hindiston ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritish menga hamisha zavq bagʻishlaydi, – deydi Dipanjan Roy Chaudhuri. – Har bir ijodkorga erishgan yutugʻi ilhom beradi. Men bundan keyin ham mamlakatingiz haqida turli mavzularda materiallar tayyorlab, ularni yanada keng auditoriyaga taqdim etishni rejalashtirganman.