Hindistonning yirik aviakompaniyalaridan biri Oʻzbekistonga parvozlarni yoʻlga qoʻymoqchi

    Hind aviakompaniyasi joriy yilning ikkinchi yarmidan boshlab Oʻzbekistonga havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari oʻrganib chiqmoqda.

    Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Transport vazirligi va Hindistonning “IndiGo” aviakompaniyasi masʼul xodimlari oʻrtasida onlayn-muzokaralar tashkil etildi.

    Muloqot chogʻida xorijiy aviakompaniyalarni Oʻzbekiston aviatsiya bozoriga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar-tadbirlar, taqdim etilayotgan imtiyozlar haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

    “IndiGo” aviakompaniyasining xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha vitse-prezidenti Rajan Malhotra mazkur kompaniya faoliyati, yangi xorijiy manzillar qamrovini kengaytirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar xususida soʻzlab berdi.

    Ikki mamlakat oʻrtasida tobora oʻsib borayotgan sayyohlik oqimini nazarda tutgan holda hind aviakompaniyasi vakili joriy yilning ikkinchi yarmidan boshlab Oʻzbekistonga havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari oʻrganib chiqilayotganini maʼlum qildi.

    Muzokaralarning navbatdagi bosqichini tashkil etish maqsadida “IndiGo” aviakompaniyasi vakillarining yaqin muddatlarda Oʻzbekistonga amaliy safarini tashkil etishga kelishib olindi.