“Hindistonning yozma merosi: Hind-Islom hattotligining yozma san'ati” nomli ko'rgazma ochildi

    Ko'rgazmada 100 dan ortiq Hirot san'at maktabi buyuk hattotlarining XV-XIX asrlarda Hindistonning turli hududlarida yaratgan hattotlik ishlaridan namunalar namoyish etilmoqda.

    O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi munosabatlar do'stlik, ishonchli hamkorlik, ming yillik tarixiy-madaniy, ma'naviy rishtalar orqali rivojlanib kelgan. Qadimdan ikki davlat ilm-fan taraqqiyoti va tinchlikka intilib, xalqlar birdamligi uchun hamkorlikka alohida e'tibor qaratgan. Buyuk bobokalonlarimiz Hindiston xalqining tarixi bobida benazir asarlar yaratgani, o'zbek va hind san'atlari milliy madaniyatlar va adabiyotlarimiz hamohang ekanligidan dalolat beradi.

    2021-yil 1-aprel kuni O'zbekiston tarixi davlat muzeyida “Hindistonning yozma merosi: Hind-Islom xattotligining yozma san'ati” nomli ko'rgazma ochildi. Ko'rgazma Lal Baxadur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi va O'zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan.
    Ko'rgazmada 100 dan ortiq Hirot san'at maktabi buyuk hattotlarining XV-XIX asrlarda Hindistonning turli hududlarida yaratilgan kufiy, nash, suls, nasta'liq, shikasta, ta'liq yo'nalishidagi hattotlik ishlaridan namunalar namoyish etilmoqda.

    Ushbu yozuv namunalari, ayniqsa Qur'on oyatlarining Nash va Suls xatida nafis yozilishida keng qo'llanilgan. Hind yozuvlari orasida eng mashhurlari Shardf, Braxmi, Xaroshtiy va boshqalardir. Ushbu yozuvlarda epigraflar mavjud. Ko'pgina zamonaviy yozuvlar Braxmiydan olingan.
    Ko'rgazma 20-aprelgacha davom etadi.