Hisobot yilida Hisob palatasining asosiy eʼtibori Davlat byudjeti ijrosiga, davlat hamda hududiy dasturlarning moliyalashtirilishi va natijadorligiga, davlat qarz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining samaradorligiga, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga, shuningdek soliq va bojxona tizimida erishilgan natijalar, mavjud muammolar, tizimli qoidabuzarliklar va kamchiliklarga qaratilgan.

Hisob palatasi tomonidan 2021-yilda 60 ta nazorat tadbiri oʻtkazilib, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari hisobidan ajratilgan mablagʻlar sarflanishi yuzasidan 338 milliard soʻmlik noqonuniy xarajatlar, kamomad va oʻzlashtirishlar hamda samarasiz xarajatlar, 2,1 trillion soʻmdan ortiq xarajatlar maqbullashtirilib, ustuvor vazifalarni moliyalashtirish uchun qayta taqsimlangan.

Hisob palatasi tomonidan byudjet daromadlari toʻliqligini taʼminlash, hududlarda mahalliy byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni nazorat qilish borasida muntazam ish olib borilib, aniqlangan tizimli xato-kamchiliklar bartaraf etilgan.

Hisob palatasi oʻz faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga amal qilib, moliyaviy huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida rasmiy veb-sayt, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 60 ga yaqin materiallar joylashtirgan.

Majlisda Qurilish, Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari tomonidan mablagʻlardan maqsadsiz foydalanilishi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Xususan, Investitsiya dasturiga kiritilgan obyektlarning qurilish-taʼmirlash ishlarini loyihalashtirish va ishlarni bajarishda 5 trillion soʻmlik 783 ta obyekt belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagan.

Sogʻliqni saqlash tizimida xorijiy kreditlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida xarid qilingan 161,1 milliard soʻmlik 629 ta tibbiy jihozlar foydalanilmasdan olti oydan ikki yilgacha boʻlgan muddatda omborlarda saqlangan.

Senat aʼzolari yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha belgilangan topshiriqlar oʻz muddatida va sifatli bajarilishi ustidan Hisob palatasi alohida nazoratni oʻrnatishi lozimligini qayd etdi.

Hisob palatasi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali bajarish maqsadida Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi, byudjet tashkilotlari, byudjetdan mablagʻ oluvchilar, boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarni birgalikda nazorat qilish boʻyicha aniq rejalarni ishlab chiqishi zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, nazorat oʻtkazish davrida jinoyat alomatlarini koʻrsatuvchi maʼlumotlar, shu jumladan korrupsiyaga doir huquqbuzarliklar alomatlari aniqlangan taqdirda, tegishli materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Senatorlar Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar byudjetlarining mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan nazorat olib borishda, byudjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishini, bunga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilishda, byudjet toʻgʻrisidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishda Hisob palatasi va Senatning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini qayd etdilar.

Qayd etilgan muammo va kamchiliklar Hukumat, tegishli vazirlik va idoralar, hududlardagi mutasaddilar ishtirokida tanqidiy muhokama etildi va Senatning tegishli qarori qabul qilinib nazoratga olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.