Majburiy ijro byurosi Chilonzor tuman bo‘limi xodimlari tomonidan 28.12.2019 yilda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, Chilonzor tumani, Bunyodkor shox ko‘chasida joylashgan “O‘zenergosozlash” MCHJ binosida elektr energiyasini hisobga olish asboblari va tizimlari tsexining elektr energiyasi sifatini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi boshlig'i lavozimida ishlagan A.A.ga “Maxpirat” MCHJ  huquqshunosi lavozimida ishlagan S.F. mas'uliyati cheklangan jamiyatga tegishli bo‘lgan SE-303 rusumli elektr hisoblagichning xotirasidagi dasturiy tizimiga tashqi ta'sir o‘tkazilmagani to‘g'risida ijobiy xulosa berish evaziga 300 AQSH dollarini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sud-texnika ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ushbu elektr hisoblagich dasturiy tizimi sozlanmalariga 3 marotaba o‘zgartirish kiritib elektr hisoblagichning xotirasida saqlaniyotgan ma'lumotlar, ya'ni iste'mol qilingan elektr energiyasi miqdori ko‘rsatgichlari o‘chirib yuborilgani, elektr hisoblagich xotirasiga tashqi ta'sir ko‘rsatilib, avvalgi ma'lumotlar o‘chirib tashlanganligi aniqlangan.  

Andijon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Maxpirat” MCHJga nisbatan aniqlangan qoidabuzarlik dalolatnomasiga asosan, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, davlat manfaatlariga 137 mln 674 ming 688 so‘m moddiy zarar etkazilgani aniqlangan.

Mazkur ish bo‘yicha S.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg'atilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 25.03.2020 yildagi hukmiga ko‘ra, S.F.ga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.