Hisor davlat qoʻriqxonasida yana bir qor qoploni kameraga tushdi

    Yashil sayyora 12 Yanvar 2021 2188

    Qashqadaryo viloyatida joylashgan Hisor davlat qoʻriqxonasida Qizil kitobga kiritilgan yana bir qor qoploni qoʻriqxona nazoratchilari va ilmiy boʻlim xodimlari tomonidan qoʻyilgan yashirin kamera tasmasiga muhrlandi.

    Bu haqda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi xabar berdi. Qoʻmita tomonidan eʼlon qilingan videodan koʻrinishicha, qor qoploni kamera tasmasiga 2020-yil 10-fevral kuni muhrlangan.

    Maʼlumotlarga koʻra, qor qoploni Oʻzbekistonning yuqori qor tizmalarida yashovchi jonivor boʻlib, sayyora hayvonot olamining kamyob turlaridan biri hisoblanadi.

    Eslatib oʻtamiz, Hisor davlat qoʻriqxonasida qor qoploni 2020-yilning mart va aprel oylarida ham kamera obyektiviga tushib qolgani haqida xabar berilgandi.

    2020-yil yanvar oyining boshlarida Oʻzbekistonda avval uchramagan hayvonlar ilk bor kameraga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Fevral oyida esa Ustyurtdagi tuzoq kameralar leopardni rasmga olishga muvaffaq boʻlgandi.

    Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻida oʻrganishlar chogʻida yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan qor qoploni hamda oq tirnoqli Tyan-Shan qoʻngʻir ayigʻi fotoqopqonda qayd etilgandi.