“Hissiyotli gapirishga toʻgʻri kelgan“: Botir Zaripovning topshirigʻi boʻyicha izoh berildi

    Voqea-hodisalar 13 Iyun 2025 958

    Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi bogʻcha hududida joylashgan noqonuniy qurilgan binolarni masʼullarga kerak boʻlsa ichidagi odamlari bilan buzib tashlashni buyurgani haqida xabarlar tarqalib jamoatchilik muhokamalarga sabab boʻldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi tushuntirish berdi.

    “Sud-pud demasdan, bugunning oʻzida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan koʻmib tashlaysan. Boʻldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini koʻrasan”, degan edi hokim tarqalgan videoda.

    Viloyati hokimligi xabarida maʼlum qilishicha, ushbu holat shu yilning 22-may kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarining borishini koʻzdan kechirgan vaqtida videoga olingan.

    140 oʻringa moʻljallangan mazkur muassasa 1961-yilda qurilgan va hozirda taʼmirtalab holga kelib qolgan. Oʻtkazilgan xatlovga asosan mahalliy byudjet hisobidan zarur mablagʻlar ajratilib, bogʻchada kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

    Oʻrganish chogʻida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha masʼullariga topshiriqlar berdi. Shuningdek, oʻrganish jarayonida Botir Zaripov davlat bogʻchasi hududi obodonlashtirilmaganligi, bogʻchaga tutash boʻlgan hududdan oʻzboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish obyekti egasi tomonidan bogʻcha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona noqonuniy kirish-chiqish yoʻlagi ochilganligi, bundan tashqari bogʻcha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan oʻrab olinmaganligi yuzasidan eʼtirozlarini bildirdi, — deyiladi xabarda.

    Tushuntirishda keltirilishicha, amaldagi qonunchilikka koʻra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, hududlar atrofini oʻrash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yongʻinga qarshi signalizatsiya tizimlarini oʻrnatish choralarini koʻrish, shuningdek, muassasa hududining va koʻchmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda taʼminlash vazifalari yuklatilgan.

    Videolavhada tilga olingan “buzib tashla“ jumlasida aynan oʻsha bogʻcha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona, noqonuniy kirish-chiqish yoʻlagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan. Bunda, viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi, hamda yuz berishi mumkin boʻlgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish — asosiy maqsad boʻlgan, — deyiladi hokimlik xabarida.

    Taʼkidlanishicha, ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani “hokim xususiy bogʻchalarni buzib tashlash boʻyicha topshiriq berayapti“ tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

    Viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarida bu kabi holatlarni oʻrganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli oʻrinbosariga “hayfsan” intizomiy chorasi qoʻllanilgan, noqonuniy yoʻlak bartaraf etilgan hamda oʻrganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha taʼlim taʼlim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.

    Shu oʻrinda alohida taʼkidlamoqchimiz, viloyatda qonun ustuvorligi taʼminlanadi, bironta noqonuniy buzilish qilinmaydi. Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning masʼuliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga toʻgʻri kelgan.