Hokim bemorning mushkulini oson qildi

    Ijtimoiy hayot 27 Iyul 2020 1720

    Yangiyoʻl tumani “Said ota” mahallasi Dacha qishlogʻida istiqomat qiluvchi Rustam Sobitovning yoshi oltmishdan oshgan. U kishini tez-tez oyoq ogʻrigʻi va qon bosimi kasalliklari bezovta qilib turadi.

    R.Sobitov kasalliklari sababli bu yil tomorqasida ham yaxshi ishlay olmay biroz kamxarj boʻlib qoldi. Aksiga olib, yaqinda yana kasalligi xuruj qila boshladi. U yordam berishini soʻrab, tuman hokimi Ulugʻbek Yalgashevga telefon orqali murojaat qildi.

    Tuman rahbarining koʻrsatmasiga binoan shu kunning oʻzida 69-qishloq oilaviy poliklinikasi shifokorlari tomonidan fuqaro Rustam Sobitov tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, unga zarur muolajalar koʻrsatishdi. Shundan keyin 5 kunga yetadigan dori- darmonlari berib, uyiga olib borib qoʻyildi. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash tuman boʻlimi xodimlari tomonidan esa R.Sobitovning yashash manziliga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Yangiyoʻl tumanida karantin paytida vaqtinchalik ishsiz boʻlgan oilalarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga yordam koʻrsatish tadbirlari davom etmoqda.

    Xususan, joriy yilning 14-26-iyul kunlari tuman Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga yordam soʻrab 172 ta murojaat boʻlgan. Ularning 132 tasiga oziq-ovqat mahsulotlari berilgan. Shuningdek, turmush sharoiti ogʻir, boquvchisini yoʻqotgan va nogironligi bor 289 ta oilaga yordam koʻrsatilgan. Hammasi boʻlib, 421 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.