Muloqot avvalida viloyat rahbari Odil Ahmedovga otasi Olimjon Ahmedovning bevaqt vafoti munosabati bilan yana bir bor hamdardlik bildirdi.

Suhbat davomida Namanganda futbol, xususan, bolalar futbolini yana-da rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. “Navbahor” futbol klubining yangi strategiyasi muhokama qilindi.

— Asosiy eʼtibor mahoratli yoshlarga qaratiladi. Biz namanganlik iqtidorli, yosh futbolchilarni qoʻllab-quvvatlaymiz, investitsiyani mahalliy futbolchilarni yetishtirib chiqarish uchun yoʻnaltiramiz, — dedi viloyat hokimi.

Odil Ahmedov muloqot chogʻida Namanganda futbol rivoji, “Navbahor” jamoasining yetakchi mavqega qaytishi uchun bor kuch-gʻayrati va tajribasini sarflashga tayyor ekanligini bildirdi.