Hokim masʼullarni keskin ogohlantirdi

    Buxoro betakror tarixiy obidalar, asrlarga teng madaniy meros obʼektlariga boy. Maʼlumotlarga ko‘ra, ularning soni 829 tani tashkil etadi. Ammo ularni borligining o‘zi yetarli emas. Agar qarovsiz qolsa, ziyon-zahmat yetishi tayin. Shu bois, ularni har taraflama muhofaza qilish, kelajak avlodlarga bezavol yetkazish asosiy vazifalardandir.

    Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obʼektlarining aksariyati taʼmirtalab ahvolga kelib qolganligi koʼp bor tanqid qilingan. Ularning sayyohlik salohiyatidan foydalanish imkoniyati yoʼqolib borayotganligi ham bor gap. Madaniy meros obʼektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish ishlarida yetarli darajada ilmiy-tarixiy yondashuv boʼlmagan. Bu ham haqiqat.

    Bu haqda bejiz soʼz ochmadik. Chunki hatto baʼzi yodgorliklarning qarovsizlik oqibatida ham nurab borayotganligi kishini tashvishlantiradi. Koʼkaldosh va Nodir Devonbegi madrasalari shular jumlasidan. Labi hovuz ansamblining sharqiy qismida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan. Keyinchalik madrasaga aylantirilgan. Madrasa katta masjid, darsxona vazifasini oʼtagan zaldan, toʼrtta darsxona va 28 ta hujralardan iborat boʼlgan.

    Qator yillar mazkur maskanda taʼlim berilgan. Sovet hokimiyati yillarida islom diniga qarshi kurash avj olgach, madrasada taʼlim berish toʼxtatilgan. Hozirda u hunarmandchilik markaziga aylantirilgan. Аniqrogʼi, madrasa hujralarining aksariyati mahalliy hunarmandlarga boʼlib berilgan.

    Viloyat hokimi Botir Zaripov tegishli mutasaddilar hamrohligida sayyohlarning doimiy diqqat markazida boʼlib kelgan mazkur madrasaning holatini oʼrgandi. Madrasadagi baʼzi hujralar omborxona vazifasini oʼtamoqda. Ular taʼmirtalab, oʼta abgor ahvolda.

    "Ko‘kaldosh madrasasidagi holat ham jiddiy eʼtirozlarga sabab bo‘ldi", deyiladi Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabarida.

    Xususan, viloyat rahbari Buxoro shahar hokimi J.Nosirov, viloyat hokimining oʼrinbosari B.Shahriyorov va madaniy meros boshqarmasi boshligʼi Sh.Mahmudovni bir hafta muddatda Buxoro shahridagi har bitta masjid va madrasani, madaniy meros obʼektlarini oʼrganish va ularni obodonlashtirish boʼyicha qatьiy ogohlantirdi. Shuningdek, viloyat hokimining oʼrinbosari B.Shaxriyorovga joriy yilning 10 apreliga qadar viloyatdagi tarixiy ahamiyatga molik barcha obʼektlarni obodonlashtirish topshirigʼi berildi. Bunda puxta yondashuv dolzarb ekanini qayd etdi.