Hokim oʻrinbosari “Bolalar shaharchasi” tarbiyalanuvchilaridan 6 nafarini oʻz qaramogʻiga oldi

    Ijtimoiy hayot 29 Noyabr 2021 2584

    Sirdaryo viloyati Guliston shahri “Doʻstlik” mahallasida yashovchi Lazizbek Axmedov va uning turmush oʻrtogʻi Rayxonaxon “Yangi Oʻzbekiston bolalari” nomli oilaviy bolalar uyini tashkil etdi.

    Ular Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi”dan 4 nafar oʻgʻil va 2 nafar qiz bolalarni oʻz tarbiyasiga oldi.

    Mahallaning ibratli oilasiga barcha havas bilan qaraydi. Ularning uch oʻgʻil va bir qizi boʻlib, oʻgʻillari maktabda, qizi esa maktabgacha taʼlim tashkilotida tahsil olmoqda.

    Oila boshligʻi Lazizbek Guliston shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, turmush oʻrtogʻi Rayxonaxon esa bank xodimasi boʻlib ishlaydi. Tarbiyaga olingan bolalar uchun xonadonda barcha sharoitlar yaratilgan.

    Maʼlumot oʻrnida, bugunga qadar viloyatning Mirzaobod tumanida bitta, Guliston shahrida uchta oilaviy bolalar uyi tashkil etilgan, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.