Prezidentning 10.02.2021-yildagi PF-6166-son Farmoniga muvofiq qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlashda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ning yangicha taʼsirchan tizimi joriy etildi.
Mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari oʻzlari masʼul boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari natijalari uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining oʻrinbosarlari faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Belgilanishicha, mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati har chorak yakuni boʻyicha mahalliy vakillik hokimiyati organlari yigʻilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi hamda baholanadi. Bunda mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari tomonidan samaradorlik koʻrsatkichlari ijrosi 70%dan kam taʼminlanganda “qoniqarsiz”, 71%dan 90%gacha – “qoniqarli”, 91%dan 99%gacha – “yaxshi”, 100% va undan yuqori boʻlganda – “aʼlo” deb baholanadi.
Mazkur baholash tizimi 2021-yil yakuniga qadar eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻtkazilgan eksperiment yakunlariga koʻra 2022-yil 1-fevralga qadar baholash tizimini takomillashtirish, muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish topshirildi.
2021-yil 1-noyabrga qadar mahalliy hokimliklar rahbarlari faoliyatini baholash natijalari va dinamikasi haqidagi maʼlumotlarning real vaqt rejimida idoralararo elektron almashinuvini taʼminlaydigan elektron axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.08.2021-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.