Hokim yordamchilari faoliyati sarhisob qilindi

    Fargʻona viloyati hokimligida mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi hokim yordamchilarining 2022-yilgi faoliyati yakunlari va 2023-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalariga bagʻishlangan uchrashuv tashkil etildi.

    Videoaloqa orqali viloyatdagi shahar va tumanlar studiyalari ham ulangan uchrashuvda mahallalarda yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, hokim yordamchilarining tavsiyanomalari asosida tadbirkorlik uchun kredit va subsidiyalar ajratish, aholini kasb-hunarlar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitib oʻz yoʻnalishida doimiy bandligini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.

    Kichik biznes subyektlarini tashkil etilishi, qishloq xoʻjaligidagi yer maydonlarini auksion savdolari orqali ijaraga ajratilishi, “mahallabay” mikroloyihalar shakllantirilishi, hokim yordamchilarining samaradorlik koʻrsatkichlari tahlil qilindi.

    2023-yil uchun mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirishda xizmatlar koʻrsatish sohasiga alohida eʼtibor qaratish, turizm salohiyatiga ega mahallalarda turistik xizmatlarni koʻpaytirish lozimligi belgilandi.

    Turli oʻquv kurslari, xususan kasb-hunar va til oʻrgatish markazlari tashkil etishda tashabbuskorlarga har tomonlama yordam berish, xonadonlar tomorqalaridan hamda oilalarga ijara asosida dehqonchilik uchun tarqatilgan yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish, har bir mahallada qurilish brigadalari tuzib, qurilish tashkilotlari bilan shartnoma rasmiylashtirgan holda mehnat qonunchiligi asosida qonuniy faoliyat olib borishlariga koʻmaklashish ham hokim yordamchilarining kelgusi yildagi asosiy vazifalari qatorida boʻladi.

    Uchrashuv yakunida yil davomida eng yaxshi natijalarga erishgan hokim yordamchilariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.