Hokim yordamchilari faoliyatiga oid internet sayti tashkil etildi

    64 ta mahallalarga tayinlangan hokim yordamchilari tomonidan soʻrovnoma jarayonlarini endi saytda ham koʻrish mumkin.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-yanvar kuni mahallabay ishlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2022-yildagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida mutasaddilar mahallada hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etib, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga shaxsan masʼul boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.

    Shuningdek, hokim yordamchilari “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari doirasida oʻz mahallalarida oʻrganishlar oʻtkazib, ijtimoiy reyestrni qaytadan yangilashi lozimligi taʼkidlandi. Shundan kelib chiqib, belgilangan topshiriqlarni sifatli bajarish maqsadida Yangiyoʻl tumanida maxsus internet sayti tashkil etildi.

    Mazkur elektron platforma yordamida hozir hududda aholi muammolari va xatlov jarayonlaridagi soʻrovnomalarni toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn tarzda olib borilmoqda. Soʻrovnoma davomida oʻrganilayotgan har bir muammo va takliflar tezkorlik bilan tahlil etilib, elektron manbaga kiritilyapti.

    Ayni paytda Yangiyoʻl tumanidagi mavjud 64 ta mahallalarga tayinlangan hokim yordamchilari tomonidan soʻrovnoma jarayonlarini endi saytda ham koʻrish mumkin. Bu orqali kun davomida kim qancha muammolarni oʻrganib, qaysi fuqarolar bilan suhbat olib borganidan ham boxabar boʻlib borish imkoniyati mavjud.

    Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati