Hokim yordamchisi qanday masalalarga mas'ul?

    O'tgan haftada mamlakatimizda ilk bor Guliston shahar hokimligi 24 ta mahallada hokim yordamchisi lavozimi uchun ochiq tanlov e'lon qildi.

    — Har bir mahallaga oliy ma'lumotli, iqtisodiyot sohasida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo'lgan, hududning shart-sharoitini yaxshi biladigan, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash tajribasiga ega bo'lgan shaxs mazkur tanlovda ishtirok etishi mumkin, — deydi Guliston shahar hokimining birinchi o'rinbosari G'ayrat Botirov. — Hokim yordamchilari mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratishga mas'ul bo'ladi, yer, kredit, infratuzilma, kasbga o'qitish va boshqa zaruriy ko'mak berish tizimini yo'lga qo'yadi, o'z “byudjeti” bo'lib, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish, jamoat ishlariga jalb qilishni tashkillashtiradi.

    Tadbirkorlik subyektlarining biznes loyihalarini amalga oshirishga ko'maklashish, mavjud muammolarini “mijozbay” o'rganish hamda hal etish orqali ishbilarmonlik faoliyatini kengaytirishga ham amaliy yordam ko'rsatadi.

    Tabiiy ravishda savol tug'iladi. Hokim yordamchilari zimmasiga mas'uliyati masalalar yuklanayotgan ekan, ularni amalga oshirishda qanday dastaklarga tayanishi ko'zda tutilyapti?

    — Birinchi navbatda, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida har bir mahalladagi xonadonlarga va yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy ko'mak berish uchun ajratilgan kredit resurslari limiti hokim yordamchilari ixtiyorida bo'ladi, — deydi G'ayrat Botirov. — Misol uchun, mahallaga ushbu dasturga asosan, ajratilgan mablag'lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar beradi, tomorqasidan samarali foydalanish uchun, ekinlarni ekishda ko'chat, o'g'it, issiqxona, suv masalalarini hal etishga yoki hovlisida parrandachilikni yo'lga qo'yishga ko'maklashadi.

    Hokim yordamchilariga amaliy yordam berish maqsadida, iqtisodiyot idoralari va tijorat banklari rahbarlari biriktiriladi. Bu mahalla muammolarini erta aniqlash va yechim topishda katta imkoniyatlar yaratib beradi.

    Bandlikka ko'maklashish jamg'armasidan ishsizlar uchun asbob-uskunalar va mini texnologiyalar xarid qilishga, haq to'lanadigan jamoat ishlariga fuqarolarni jalb etish uchun beriladigan subsidiya kuponlarini taqsimlash, “Ijtimoiy shartnoma”larni imzolash hamda ularning shartlari bajarilishini ta'minlash kabi ishlar ham hokim yordamchisidan iqtisodiy malaka va hayotiy tajribani taqozo etadi.

    Shu bois hokim yordamchilari iqtisodiyot, investitsiya, hokimiyat idoralarida ishlaydigan bilimli va shijoatli yoshlar orasidan tanlanadi hamda 2 oy davomida yangi tizim asosida ishlashga o'qitiladi.

    Qayd etish joiz, Gulistonda bu lavozimga qiziqish katta bo'lmoqda. Tanlov e'lon qilganiga hali bir hafta ham bo'lmasdan, ishtirokchilar soni qirq nafarga etib qoldi. Tanlov jarayoni davom etyapti. O'z nomzodini qo'yganlar orasidan har bir mahallada ishlaydigan hokim yordamchisi lavozimiga xolislik va shaffoflik asosida eng munosiblari saralab olinadi.

    Rauf Nurullayev