Hokim yordamchilarini “loyihaviy yondashuv” asosida ishlashga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyilib, buni “ogʻir” mahallalardan boshlash topshirildi. Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi.
“Ogʻir” mahallalardagi boʻsh yerlar va davlat obyektlarining boshlangʻich narxini 2-3 karra pasaytirib, sotuvga chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Ish oʻrni va daromadni koʻpaytirish boʻyicha eng yaxshi natija koʻrsatgan 100 ta “ogʻir” mahallaga 1 milliard soʻmdan mablagʻ beriladi. Ushbu mahallalardagi hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya, Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
“Mahalla yettiligi” samarasini oshirish boʻyicha poytaxtda yoʻlga qoʻyilgan tajriba endi barcha tuman va shaharlarda ham tatbiq etilishi belgilandi.
Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ishdan olinadi.