Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani, "Toʻda" MFY hokim yordamchisi lavozimida 2022-yil 11-yanvardan buyon ishlab kelgan U.T. tadbirkorlik faoliyati bilan ham shugʻullanib, 2022-yil 29-martda oʻzi taʼsischiligida tashkil etgan "VOLUNTEER TEAM" MCHJni 2023-yil 20-sentyabrga qadar boshqarib kelib, taʼminotchi sifatida fuqaro M.E. va boshqalarni aldab, ularning elektron imzolarini qoʻlga kiritib, ularning nomiga issiqxona faoliyati tashkil etish uchun 4 marotaba 33 mln soʻmdan jami 132 mln soʻm kredit ajratilishiga erishib, ushbu pullarni oʻzi rahbarlik qilayotgan jamiyat hisobiga tushirib, oʻzining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan, deya xabar bermoqda Surxondaryo viloyati prokuraturasi Matbuot xizmati.
Mazkur holat yuzasidan 09.11.2023-yilda Qumqoʻrgʻon tumani prokuraturasi tomonidan “VOLUNTEER TEAM” MCHJ rahbari U.T.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari Qumqoʻrgʻon tumani IIB xuzuridagi Tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda. Tergov harakatlarining borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Maʼlumot oʻrnida, U.T. 31.10.2023-yildan egallab turgan hokim yordamchisi lavozimidan ozod qilingan.